Pxenyan
Pxenyan— Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) poytaxti. Tedongan daryosi boʻyida, 300 m balandlikda. Iqlimi mussonli moʻtadil iqlim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —8,2°, iyulniki 24°. Yillik yogʻin 922 mm. Aholisi 2,6 mln. (1990-yillar oxiri). Alohida maʼmuriy birlik qilib ajratilgan.
Pxenyan – Koreyaning qadimiy shaharlaridan. 4-asrda shahar oʻrnida qalʼa boʻlgan. 427— 668-yillarda Koguryo davlatining poytaxti. 10—14-asrlarda Pxenyan Sogyon deb atalgan. 1905—1945-yillarda yaponlar qoʻl ostida boʻlgan. 1948-yil 9-sentyabrda Pxenyanda KXDR tuzilganligi eʼlon qilingan. 1950—1953-yillardagi urush vaqtida butunlay vayron boʻlgan. Urushdan keyin qayta tiklanib, zamonaviy shaharga aylangan.
Pxenyan mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Transport yoʻllarining muhim tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Atrofidagi shaharlar bilan yirik sanoat rayonini tashkil qiladi. Qora va rangli metallurgiya, koʻp tarmoqli mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik (KXDR da eng yirik kombinat), oziq-ovqat, kimyo sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Poyabzal, farmatsevtika, chinni-fayans, yogʻochsozlik korxonalari ishlab turibdi. Issiqlik elektr stansiyasi, metropoliten qurilgan. Fanlar akademiyasi, universitet, teatrlar, konservatoriya, muzeylar, badiiy galereya bor. Meʼmoriy yodgorliklaridan minora, qalʼa darvozalari, maqbaralar, pagodalar saqlangan, bogʻ koʻp[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Geografiyaga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |