Kontent qismiga oʻtish

Akrotiri va Dekeliya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Akrotiri va Dekeliya
inglizcha: Sovereign Base Areas of Akrotiri and Dhekelia
Britaniyaning dengizorti hududi
Madhiya: "God Save the King"
Location of Akrotiri va Dekeliya
Poytaxt Episkopi
Eng katta shahar Akrotiri
Rasmiy til(lar) Ingliz tili
Hukumat Konstitutsion monarxiya
ostidagi de-fakto stratokratik
qaram hudud
• Monarx
Charles III
Aviatsiya vitse-marshali
Piter Skvayrs
ex officio
• Vazir
Stiven Douti
Suveren davlat (Buyuk Britaniya bayrogʻi Birlashgan Qirollik)
• Tashkil etilishi shartnomasi
1960-yil 16-avgust
Maydon
• Butun
254 km2
Aholi
• 2020-yilgi roʻyxat
18,195 kishi
Pul birligi Yevro (€) (EUR)
Vaqt mintaqasi UTC+02:00
• Yoz (DST)
UTC+03:00
Avtomobil harakati Chapga
Telefon prefiksi +357

Akrotiri va Dekeliya (inglizcha: Sovereign Base Areas of Akrotiri and Dhekelia, grekcha: Περιοχές Κυρίαρχων Βάσεων Ακρωτηρίου και Δεκέλειας, turkcha: Akrotiri ve Dikelya Egemen Üs Bölgeleri) — Kipr orolidagi ikki britan harbiy bazalari. Ular Buyuk Britaniyaning dengizorti hududini tashkil etadi, ya’ni uning suvereniteti ostida, biroq tarkibiga kirmaydi.

Akrotiri xaritasi
Dekeliya xaritasi
Akrоtiri va Dekeliya hududida rasmiy maqsadlarda ishlatiladigan ittifoqdosh bayroq
Britaniya Kipri bayrogʻi

Akrotiri bazasi (grekcha: Ακρωτήρι, turkcha: Agrotur; Episkopi garnizoni bilan birga) Kiprning janubida, Limassol shahriga yaqin joyda joylashgan. Dekeliya (grekcha: Δεκέλεια, turkcha: Dikelya) — orolning janubi-sharqida, Larnaka yaqinida joylashgan.

Akrotiri va Dekeliya Kipr oroli hududining qariyb 3 foizini egallaydi. Yerning 60 foizi Kipr fuqarolari yoki Buyuk Britaniya fuqarolari mulki bo’lib, 40 foizi Britaniya tojining Mudofaa vazirligiga tegishli.

Akrotiri hududi yunonlar nazoratidagi Kipr bilan o‘ralgan, Dekeliya esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, orolning turk va yunon qismlarini ajratib turgan BMTning bufer zonasi, hamda turk kipriylari nazoratidagi hudud bilan chegaradosh.

Dekeliya hududida, shuningdek, Kipr Respublikasiga qarashli ikki anklavKsilotimvu va Ormidiya qishloqlari joylashgan.

Akrotiri hududida Kiprdagi eng yirik suv havzasi — Limassol tuzli ko‘li joylashgan.

1960-yilda Britaniya mustamlakasi boʻlgan Kipr mustaqillikka erishdi, biroq Buyuk Britaniya orolda oʻz harbiy bazalarini joylashtirish uchun ikkita eksklavni saqlab qoldi. Bazalarning maqomi 1959-yilda Buyuk Britaniya, Gretsiya va Turkiya oʻrtasida imzolangan Syurix va London kelishuvlari bilan belgilangan boʻlib, ularga Kiprning yunon va turk jamoalari yetakchilari arxiyepiskop Makarios III hamda Fozil Kyuchuk ham imzo chekkan. Bundan tashqari, 1960-yilda Kipr Respublikasi va Buyuk Britaniya oʻrtasida bazalardan foydalanish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan. Buyuk Britaniya uchun bu eksklavlarning ahamiyati Kiprning Oʻrta yer dengizining sharqiy qismidagi strategik joylashuvi, Suvaysh kanali va Yaqin Sharqga yaqinligi bilan belgilanadi.

1974-yilda Kiprning Gretsiyaga qoʻshib yuborilishidan xavotirlangan Turkiya qoʻshinlari orolga “turk aholisini himoya qilish” bahonasida desant tushirildi. Natijada orolda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkil topdi.

Akrotiridagi BBC World Service radiomachtalari

Kipr Respublikasi Akrotiri va Dekeliyani qaytarishni talab qilmoqda, chunki bu bazalar katta hududni egallab turibdi va uni rivojlantirish uchun ishlatish mumkin. Buyuk Britaniya hukumati 1960-yilda Kiprga mustaqillik berilganidan keyin toʻrt yil davomida Kipr Respublikasiga moliyaviy yordam koʻrsatdi, biroq 1963–1964-yillardagi jamoalararo mojarodan soʻng mablagʻlarning har ikkala jamoa oʻrtasida adolatli taqsimlanishiga kafolat yoʻqligini vaj qilib, bu yordamni toʻxtatdi. Kipr hukumati 1964-yildan hozirgi kungacha boʻlgan davr uchun toʻlovlarni hanuz talab qilmoqda, biroq xalqaro-huquqiy darajada hech qanday choralar koʻrilmayapti. Qarz miqdori boʻyicha baholar bir necha yuz ming yevrodan bir milliard yevrodan ortiq summagacha farqlandi. Buyuk Britaniya bazalarni topshirishni niyat qilmagan, biroq Kiprni birlashtirishga qaratilgan Annan rejasi doirasida bazalar hududining taxminan uchdan bir qismini Kiprga berishni taklif qilgan.

2001-yil iyul oyida mahalliy kiprliklar bazalarda radiomachtalar qurilishiga qarshi norozilik namoyishlarini oʻtkazdilar. Kiprliklar ayrim harbiy aloqa vositalarini vayron qildilar. Namoyishchilar bu machtalar atrof-muhitga xavf tugʻdiradi va mahalliy aholida rak kasalligini keltirib chiqaradi, deb hisoblashgan. Britaniya hukumati esa bu ayblovlarni rad etgan.

2008-yil fevral oyida kommunist Dimitris Xristofiasning Kipr prezidenti etib saylanishi Buyuk Britaniyada xavotir uygʻotdi. Xristofias Kiprdagi kelajakdagi mojaroni hal etish jarayonining bir qismi sifatida oroldagi barcha xorijiy qurolli kuchlardan qutulishga va’da berdi hamda Britaniyaning oroldagi mavjudligini “qonli mustamlakachilik” deb atadi. 2013-yilda Xristofias oʻrniga Kiprni NATOga qoʻshilish tarafdori bo‘lgan Nikos Anastasiadis prezident etib saylandi.

Bazalar Mudofaa vazirligi orqali Britaniya monarxi tomonidan tayinlanadigan Administrator tomonidan boshqariladi. Administrator ushbu hududlarda barcha ijroiya va qonun chiqaruvchi hokimiyatga ega. Administratorni saylash uchun aholining ishtirokida hech qanday saylov oʻtkazilmaydi, biroq britaniyalik fuqarolar Buyuk Britaniyadagi umumiy saylovlarda (harbiy xizmatchi yoki chet eldagi saylovchi sifatida) ishtirok etish huquqiga ega.

Yunon-kiprliklar esa oʻz navbatida Kipr Respublikasidagi saylovlarda qatnashadilar.

Bazalarni tashkil etishda aholisi kam hududlar tanlab olingan. 2004-yilda Akrotiri va Dekeliyada qariyb 14,5 ming kishi yashagan, ularning taxminan 7 mingini mahalliy yunon-kiprliklar, 7,5 mingini esa britaniyalik fuqarolar — harbiylar va ularning oilalari tashkil etadi. Yunon-kiprliklar harbiy bazalarda ishlaydilar yoki bazalar tashqarisida qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadilar. Ular Buyuk Britaniyaning dengizortidagi hududida yashashlariga qaramay, britan fuqaroligiga ega emaslar, ularning koʻpchiligi Kipr Respublikasi pasportiga ega.