Wikimedia jamgʻarmasining Universal xulq-atvor kodeksi
Bu siyosat Wikimedia Fondi vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan. Uni Wikimedia Jamg‘armasi xodimlari yoki xodimlari yoki Vikimedia loyihasi mahalliy siyosatlari chetlab o‘tishi, buzishi yoki e’tiborsiz qoldirib ketishi mumkin emas.  | 
Nega bizda Universal xulq-atvor kodeksi mavjud
Biz insoniyat bilimi jamlanmasidan har kim bahramand boʻla oladigan dunyo sari intilmoqdamiz. Shu maqsadda imkon qadar koʻproq odamlarni Wikimedia loyihalari va maydonlarida faol ishtirok etishga undashga ishonamiz.
Biz ishonamizki, Wikimedia hissa qoʻshuvchi jamiyatlar imkon qadar turli, inklyuziv va ochiq boʻlishi kerak. Ushbu hamjamiyatlar har kim uchun — hozirgi va kelajakdagi ishtirokchilar uchun — ijobiy, xavfsiz va sogʻlom muhit boʻlishi lozim.
Shu holatni saqlab qolish uchun biz ushbu Xulq-atvor kodeksini qabul qilganmiz va zarurat tugʻilganda uni yangilab borishga tayyormiz.
Shuningdek, biz oʻz loyihalarimizni mazmunni buzuvchi yoki soxtalashtirilgan harakatlardan himoya qilishni istaymiz.
Wikimediadagi vazifasiga muvofiq, Wikimedia loyihalari va maydonlarida ishtirok etayotgan barcha shaxslar:
- Har bir inson erkin tarzda umumiy bilimlardan bahramand boʻla oladigan dunyoni yaratishga hissa qoʻsha oladi;
 - Noxolislik va kamsitishdan yiroq boʻlgan global hamjamiyatning bir qismi boʻla oladi;
 - Barcha faoliyatda aniqlik va tekshirish imkonining mavjudligiga intiladi.
 
Ushbu Universal xulq-atvor kodeksi (UCoC) qabul qilinadigan va nomaqbul xatti-harakatlarning eng kam talab darajasini belgilaydi.
Kodeks Wikimedia loyihalari va maydonlarida onlayn yoki oflayn shaklda ishtirok etuvchi hamda hissa qoʻshuvchi har bir kishiga, jumladan yangi va tajribali foydalanuvchilar, loyihalar doirasidagi vakillar va texnik xodimlar, tadbirlar tashkilotchilari va ishtirokchilari, hamkor tashkilotlar (affiliate) xodimlari va kengash a’zolari, Wikimedia Foundation xodimlari va boshqaruvchilariga taalluqlidir.
Ushbu kodeks barcha Wikimedia loyihalari, texnik platformalar, oflayn va onlayn tadbirlar uchun ham amal qiladi.
Ushbu kodeks quyidagi holatlarga ham tatbiq etiladi:
- Shaxsiy, ommaviy va yarim-ommaviy muloqotlar;
 
- Hamjamiyat a’zolari oʻrtasidagi fikriy kelishmovchilar yoki birdamlik ifodasi bilan bogʻliq munozaralar;
 
- Texnik rivojlantirish masalalari;
 
- Kontentga hissa qoʻshish bilan bogʻliq holatlar;
 
- Hamkor tashkilotlar yoki hamjamiyatlar nomidan tashqi hamkorlar bilan aloqalar yuritish holatlari.
 
1-Kirish
Universal xulq-atvor kodeksi butun dunyo boʻylab Wikimedia loyihalari boʻyicha hamkorlik qilishda xulq-atvorning asosiy mezonlarini belgilab beradi.
Hamjamiyatlar ushbu kodeksda keltirilgan minimal talablarni saqlagan holda, oʻz hududiy va madaniy sharoitlarini inobatga olib, qoʻshimcha qoidalar ishlab chiqishlari mumkin.
Universal xulq-atvor kodeksi hech qanday istisnosiz barcha vikimediyachilarga bir xilda taalluqlidir.
Ushbu kodeksga zid harakatlar jazoga sabab boʻlishi mumkin. Bunday choralar tegishli holatlarga qarab:
- mahalliy hamjamiyatdagi vakolatli foydalanuvchilar tomonidan,
 
- yoki platformalarning yuridik egasi sifatida
 
Wikimedia Jamgʻarmasi tomonidan qoʻllanishi mumkin.
2 – Talab qilinadigan xulq-atvor
Har bir vikimediyachi, jumladan yangi yoki tajribali tahrirchi, hamjamiyat vakili, hamkor tashkilot aʼzosi yoki Wikimedia Jamgʻarmasi kengashi aʼzosi yoxud xodimi boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz xatti-harakatlari uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
Barcha Wikimedia loyihalari, maydonlari va tadbirlarida xatti-harakatlar oʻzaro hurmat, xushmuomalalik, hamkorlik, birdamlik va namunali fuqaroviy tamoyillariga asoslanishi lozim.
Bu barcha ishtirokchilar va hissa qoʻshuvchilarning oʻzaro munosabatlariga tegishli boʻlib, yosh, jismoniy yoki ruhiy imkoniyati, tashqi koʻrinish, milliy, diniy, etnik yoki madaniy kelib chiqish, kasta yoki ijtimoiy qatlam, til bilish darajasi, jinsiy orientatsiya, gender identifikatsiyasi, biologik jinsi, kasb yoki soha kabilarga asoslangan holda hech qanday istisnoga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, Wikimedia loyihalaridagi mavqe, mahorat yoki yutuqlarga asoslangan istisnolar ham qabul qilinmaydi.
2.1 – O‘zaro hurmat
Barcha vikimediyachilardan boshqalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish talab qilinadi.
Onlayn yoki oflayn Wikimedia muhitlarida muloqot qilayotganda, biz bir-birimizga oʻzaro hurmat asosida munosabat bildiramiz.
Bu quyidagilarni oʻz ichiga olsa-da, aynan shular bilan cheklanmaydi:
- Boshqalarni tushunishga harakat qiling. Turli kelib chiqishga ega vikimediyachilar sizga nimani aytmoqchi ekanini diqqat bilan tinglang va ularning nuqtai nazarini tushunishga intiling. Vikimediyachi sifatida oʻz qarashingiz, fikringiz va xatti-harakatlaringizni qayta koʻrib chiqishga va kerak boʻlsa, ularni oʻzgartirishga tayyor boʻling.
 - Ezgu maqsadni koʻzlang va foydali tahrirlar qiling; sizning ishtirokingiz loyiha yoki ish sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kerak. Fikr bildirishda ham, fikrni qabul qilishda ham muloyim va ochiq boʻling. Tanqid ehtiyotkorlik bilan va foydali ruhda bildirilishi lozim. Har bir vikimediyachi boshqalar loyihalarni birgalikda rivojlantirish maqsadida ishlamoqda, deb hisoblashi kerak. Agar bunday fikr uchun zid dalillar boʻlmasa. Biroq bu tamoyil, zararli ta’sirga ega boʻlgan soʻz yoki harakatlarni oqlash uchun ishlatilmasligi lozim.
 - Foydalanuvchilarning oʻzlarini qanday nomlashi va ta’riflashiga hurmat bilan yondashing. Odamlar oʻzlari haqida ma’lum soʻz yoki atamalardan foydalanishlari mumkin. Ularga nisbatan hurmat belgisi sifatida, agar til nuqtai nazaridan yoki texnik jihatdan imkoni boʻlsa, bu atamalardan ular bilan gaplashganda yoki ular haqida gapirganda foydalaning. Quyidagilar bunga misol boʻla oladi:
- Etnik guruhlar oʻzlarini boshqalar ilgari ishlatgan nom bilan emas, balki oʻzlari tanlagan atama bilan nomlashlari mumkin;
 - Foydalanuvchilarning ismlaridagi siz uchun notanish boʻlgan harflar, tovushlar yoki soʻzlar ularning tilidan olingan boʻlishi mumkin;
 - Muayyan jinsiy orientatsiya yoki gender identifikatsiyaga ega odamlar oʻziga xos nomlar yoki olmoshlar bilan nomlanishni afzal koʻrishlari mumkin;
 - Jismoniy yoki ruhiy imkoniyati cheklangan shaxslar oʻzlarini ta’riflash uchun maxsus atamalardan foydalanishlari mumkin.
 
 - Yuzma-yuz uchrashuvlar chogʻida har bir ishtirokchini ochiq va samimiy kutib olamiz hamda bir-birimizning afzalliklarimiz, chegaralarimiz, taʼsirchanligimiz, an’analarimiz va ehtiyojlarimizga e’tiborli boʻlib, hurmat bilan yondashamiz.
 
2.2 – Xushmuomalalik, hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va namunali ishtirok
Biz quyidagi xulq-atvorga intilamiz:
- Xushmuomalalik — bu odamlar, jumladan notanish boʻlganlar orasida odoblilik va muloyimlik bilan gapirish hamda muomala qilishdir.
 - Hamkorlik — bu umumiy maqsad yoʻlida ishlayotgan odamlarning bir-biriga namoyish etadigan doʻstona va qoʻllab-quvvatlovchi munosabatidir.
 - Oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va namunali ishtirok — bu Wikimedia loyihalarini samarali, yoqimli va xavfsiz muhitga aylantirish uchun faol masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish hamda Wikimedia missiyasiga hissa qoʻshish demakdir.
 
Bu quyidagilarni oʻz ichiga olsa-da, aynan shular bilan cheklanmaydi:
- Murabbiylik va yoʻl-yoʻriq koʻrsatish: Yangi ishtirokchilarga yoʻnalish topishda va muhim koʻnikmalarni egallashda yordam berish.
 - Boshqa hissa qoʻshuvchilarga eʼtiborli boʻlish: Ular yordamga muhtoj boʻlganida qoʻllab-quvvatlang, va agar ularga Universal xulq-atvor kodeksiga zid tarzda munosabat qilinayotgan boʻlsa, ular nomidan soʻzlang.
 - Hissa qoʻshuvchilarning mehnatini tan oling va qadrlang: Ularning yordami va mehnati uchun minnatdorchilik bildiring. Harakatlarini e’tirof eting va munosib joyda ularga hurmat bajo keltiring.
 
3 – Nomaqbul xatti-harakatlar
Universal xulq-atvor kodeksi hamjamiyat aʼzolariga nooʻrin xatti-harakatlarni aniqlashda yordam berishni maqsad qiladi. Quyidagi xatti-harakatlar Wikimedia harakati doirasida nomaqbul deb hisoblanadi:
3.1 – Bezorilik va nojoʻya muomala
Bu — asosan kishini qoʻrqitish, gʻazablantirish yoki ranjitish maqsadida sodir etiladigan har qanday xatti-harakatni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, agar bu kabi oqibat ehtimolga juda yaqin boʻlsa, bu holat ham bezorilik sifatida baholanishi mumkin. Agar qandaydir muomala global va madaniy jihatdan xilma-xil muhitda odamning sabr-toqatidan oshib ketgan boʻlsa, bu tazyiq deb qaraladi. Bezorilik koʻpincha hissiy bosim koʻrinishida boʻladi, ayniqsa zaif holatdagi odamlarga nisbatan. Ba’zida bu odamning ish joyi yoki yaqinlariga (doʻstlari, oilasi) murojaat qilib, uni qoʻrqitish yoki sharmanda qilishga urinish shaklida ham namoyon boʻlishi mumkin. Ba’zida bitta holat oʻzi bezorilik darajasiga yetmasligi mumkin, ammo qayta-qayta takrorlanganda bu bezorilikka aylanadi. Bezorilik quyidagilarni oʻz ichiga olsa-da, aynan shular bilan cheklanmaydi:
- Haqoratlar: Bunga odamni kamsituvchi nomlar bilan atash, haqoratli soʻzlar yoki stereotiplardan foydalanish, shuningdek, shaxsiy xususiyatlarga asoslangan har qanday hujumlar kiradi. Haqoratlar aql darajasi, tashqi koʻrinish, etnik kelib chiqish, irq, diniy eʼtiqod (yoki uning yoʻqligi), madaniyat, kasta, jinsiy orientatsiya, gender, biologik jins, imkoniyati cheklanganlik, yosh, millat, siyosiy qarashlar yoki boshqa shaxsiy xususiyatlar kabi anglangan yoki ochiq ifodalangan belgilar asosida boʻlishi mumkin. Baʼzi holatlarda, takroriy masxara qilish, kinoya yoki tajovuz har bir alohida holatda haqoratga teng boʻlmasligi mumkin, biroq birgalikda olib qaralganda ular umumiy haqorat deya baholanadi.
 - Jinsiy tajovuz: Boshqalarga nisbatan har qanday koʻrinishdagi jinsiy e’tibor yoki yaqinlashuv — agar bu e’tibor yoqimsiz ekani ayon boʻlsa yoki rozilik bildirish imkoni boʻlmagan vaziyatda yuz bersa — nomaqbul hisoblanadi.
 - Tahdidlar: Jismoniy zoʻravonlik ehtimolini ochiq yoki bilvosita koʻrsatish, nohaq obroʻsizlantirish yoki sharmanda qilish, asossiz ravishda obroʻga putur yetkazish, yoki oʻz xohishini oʻtkazish maqsadida sudga murojaat qilish bilan qoʻrqitish kabilarning barchasi tahdid sifatida baholanadi.
 - Boshqalarga zarar yetkazishga undash: Bunga oʻziga zarar yetkazish yoki joniga qasd qilishga undash, shuningdek, uchinchi shaxsga nisbatan zoʻravonlik qilishga da’vat etish kabi harakatlar kiradi.
 - Shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilish (Doksing):
 
Boshqa ishtirokchilar roziligisiz ularning shaxsiy maʼlumotlarini (ism, ish joyi, yashash manzili, elektron pochta manzili va boshqalar) Wikimedia loyihalarida yoki boshqa joylarda tarqatish, shuningdek, ularning Wikimedia’dagi faoliyati haqida loyihalardan tashqarida maʼlumot ulashish.
- Taʼqib qilish (Hounding): Biror ishtirokchini loyihalarda doimiy ravishda kuzatib borish va asosan uni ranjitish yoki ruhan bosim qilish maqsadida faoliyatini takror-takror tanqid qilish. Agar muammolar muloqot va tushuntirishdan keyin ham davom etsa, jamoalar bunday holatlarni oʻrnatilgan jamoaviy jarayonlar orqali hal qilishlari lozim.
 - Trolling (Qasddan provokatsiya qilish): Ataylab suhbatlarni izdan chiqarish yoki maqsadsiz, yomon niyat bilan fikr bildirish orqali boshqalarni qasddan gʻazablantirish yoki bahsga tortishga urinish.
 
3.2 – Vakolat, imtiyoz yoki ta’sir kuchini suiiste’mol qilish
Suiiste’mol holati — bu shaxs amaldagi yoki taxmin qilingan vakolat, imtiyoz yoki ta’sir kuchiga ega boʻlgan holatda boshqalarga nisbatan hurmatsizlik, shafqatsizlik yoki tajovuzkor xatti-harakatlarni sodir etganida yuz beradi. Wikimedia muhitida bu holat ogʻzaki yoki ruhiy zoʻravonlik koʻrinishida ham boʻlishi mumkin va ba’zida tazyiq (harassment) bilan birga sodir boʻladi.
- Vakolatli shaxslar, rasmiylar va xodimlarning xizmat mavqeini suiiste’mol qilishi: Wikimedia jamgʻarmasi yoki unga aloqador tashkilotlar (affiliates) vakolatli shaxslari, rasmiylari va xodimlari oʻz vakolati, bilimi yoki ixtiyoridagi resurslaridan boshqa shaxslarni qoʻrqitish yoki tahdid qilish maqsadida foydalanishi.
 - Tajribalilik yoki aloqalarni suiiste’mol qilish: Oʻz mavqei yoki obro‘sidan foydalanib boshqalarni qoʻrqitish. Harakat (movement) ichida katta tajriba va aloqalarga ega boʻlgan kishilardan ayniqsa ehtiyotkor boʻlish talab etiladi. Chunki ularning dushmanona fikrlari kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Jamiyatda obroʻli hisoblangan kishilar maxsus ishonchli shaxs maqomiga ega boʻlib, bu imtiyozni oʻzlariga qarshi fikr bildirganlarga hujum qilish uchun ishlatmasliklari kerak.
 - Psixologik manipulyatsiya: Kimnidir oʻz sezgilari, tushunchalari yoki fikrlariga shubha qilishga ataylab undash orqali uni bahsda yutish yoki oʻzi xohlagan tarzda harakat qilishga majburlashga urinish.
 
3.3 – Kontentga zarar yetkazish va loyihalarni suiiste’mol qilish
Ataylab tarafkash, yolgʻon, notoʻgʻri yoki nooʻrin kontent joylashtirish, shuningdek, kontent yaratish yoki uni saqlab qolishga xalaqit berish, jarayonni sekinlashtirish yoki har qanday shaklda toʻsqinlik qilish. Bunga quyidagilar kirsa-da, lekin ular bilan cheklanmaydi:
- Hech qanday asos yoki tushuntirishsiz, tegishli muhokamalarsiz kontentni qayta-qayta ixtiyoriy ravishda oʻchirib yuborish.
 - Kontentni tizimli ravishda ma’lum bir faktlar talqini yoki nuqtayi nazarni yoqlash maqsadida buzib koʻrsatish. Shu jumladan manbalarni notoʻgʻri yoki ataylab yolgʻon talqin qilish hamda muharrirlik ishi yaratishning toʻgʻri usullarini oʻzgartirish.
 - Har qanday koʻrinishdagi nafrat soʻzlari, shaxs yoki guruhlarga ularning shaxsi yoki shaxsiy e’tiqodlari asosida hujum qilish, kamsitish, tahqirlash yoki ularga nisbatan nafrat uygʻotishga qaratilgan kamsituvchi iboralarni ishlatish.
 - Ensiklopedik yoki axborot beruvchi kontekstdan tashqarida, boshqalar uchun qoʻrqituvchi yoki zararli boʻlgan belgilar, tasvirlar, toifalar, teglar yoki boshqa turdagi kontentdan foydalanish. Bunga kontentga ataylab kamsitish yoki chetlashtirish maqsadida tuzilgan sxemalarni tatbiq etish ham kiradi.